“Yangi agronom” tizimi – samaradorlik sari muhim qadam
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, o‘simliklar karantini va himoyasi tizimida raqamli yechimlardan samarali foydalanish fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “Yangi agronom” axborot tizimining joriy etilishi sohada ochiqlik, tezkorlik va samaradorlikni oshirishga xizmat qilayotgan muhim raqamli platformadir.
Mazkur tizim orqali ekin maydonlarining fitosanitar holatini muntazam monitoring qilish, zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlarning tarqalish xavfini tezkor baholash, shuningdek, himoya tadbirlarini o‘z vaqtida tashkil etish imkoniyati yaratilmoqda.
“Yangi agronom” platformasi dala kuzatuvlari natijalarini elektron shaklda qayd etish, ma’lumotlarni yagona bazada jamlash va tahlil qilish hamda tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilishga xizmat qilmoqda. Bu esa inson omili bilan bog‘liq xatolarni kamaytirish, vaqt va resurslarni tejash hamda mutaxassislar faoliyati samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida ham mazkur tizimdan samarali foydalanish, mutaxassislarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish va ma’lumotlarning ishonchliligi hamda tezkorligini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shubhasiz, “Yangi agronom” tizimi qishloq xo‘jaligida fitosanitar xavfsizlikni mustahkamlash, hosildorlikni oshirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishda muhim o‘rin tutadi. Raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirish orqali soha samaradorligini yanada oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini kengaytirish mumkin.
Urazbayev Akmalbek Aminbayevich
Xorazm viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi
boshqarmasi boshlig‘i